Yuklash
Chop etish

Farhod Aminjonov: muvaffaqiyatli chiqish qilish uchun qanday tayyorlanish kerak?

Avvalo, chiqish qilishga tayyorgarlik sizga yaqin va qiziqarli bo’lgan tegishli mavzuni tanlab olishdan boshlanadi. O’zingizga yaqin mavzuda chiqish qilishga tayyorgarlik ko’rish osonroq,  mavzu sizga juda tanish va bu mavzu haqida siz hayajonlanmasdan gapira olasiz.  Biroq, shunga qaramay, sizning nutqingizning ma’lum bir tuzilishini yaratish va tasavvur qilish kerak. Hisobotni tayyorlashdan oldin, u qaysi auditoriyaga taqdim etilishini bilib olish, uni tayyorlash muddatini aniqlash va shu bilan birga tinglovchilarning manfaatlarini hisobga olish kerak. Shunday qilib, birinchi navbatda, ma’ruza mavzusi ma’ruzachining o’zini va shundan keyingina tinglovchilarni qiziqtirishi kerak.

Agar auditoriya yosh va juda g’ayratga to’la bo’lsa, uni doimiy ravishda e’tiborini jalb qilib turish kerak. Qoidaga ko’ra, hisobotni taqdim qilar ekansiz nafaqat tarkibiy qismlarga rioya qilish kerak, balki uni ba’zi qiziqarli voqealar bilan “bezatib” turish yaxshi bo’ladi. Shunda auditoriya “pashshalarni tutib” o’tirmasdan, balki sizni tinglashadi.

Nutqdagi asosiy fikrlarini tinglovchilarning ongiga yaxshi yetib borishi uchun ularni kerak bo’lsa bir necha bor takrorlash juda muhimdir. Xulosangizda ham, siz yana siz uchun juda muhim bo’lgan fikrni takrorlaysiz. Tushunaman, ma’lum bir mavzuni o’rganayotganda, siz uchun qiziqarli bo’lgan barcha narsalar haqida gapirishni xohlaysiz, lekin unutmang – hisobotingizning asosiy maqsadi ma’lum ma’lumotlarni tinglovchilarga yetkazishdir, va bu muhim ma’lumot siz hohlagan narsadan farqli bo’lishi mumkin. Shuning uchun ma’ruzangizni va nutqingizni tayyorlayotganda, siz tinglovchilarga yetkazmoqchi bo’lgan asosiy g’oyani aniqlab olishingiz kerak va auditoriya bu g’oyani eslab qolishi va uni o’zi bilan olib ketishi uchun hamma narsani qilish kerak.

Hisobot qilib odamalar oldida chiqish qilish uchun qanday tayyorgarlik ko’rish kerak?

  • Sizni qiziqtiradigan va sizga yahshi tanish bo’lgan mavzuni tanlang
  • Nutqingizni tuzilishi va taqdimot ketma-ketligini tuzing
  • Yetkazilishi kerak bo’lgan asosiy g’oyani belgilab oling.
  • Auitoriya uchun mavzuga doir qiziqarli hikoyalar tayyorlab quying
  • Doimiy ravishda tinglovchilarni nutqingiz jarayoniga jalb qilib turing.

Qanday qilib ma’ruzani muvaffaqiyatli o’tkazish mumkin?

Menimcha, faqat qog’ozdan o’qib berish orqali  ma’ruza  qilish to’g’ri kelmaydi. O’z nutqida ma’ruzachi barcha ishtirokchilarni tadbirga jalb qilishga harakat qilishi kerak. Agar siz shunchaki qog’ozdan o’qiyotgan bo’lsangiz, bu tinglovchilar uchun qiziq emas, bir muncha vaqt o’tgach tinglovchilar chalg’iy boshlaydilar. Va agar siz auditoriya bilan vizual aloqaga ega bo’lmasangiz va buni sezmasangiz, chunki siz biron bir qog’ozdan biron bir narsani o’qib beryapsiz va sizga bu juda qiziq tuyulyapti va sizningcha hamma tinglayotgan ham sizdek qiziq, lekin bu faqat sizga tuyulyapti halos, siz Aslida auditoriya bilan aloqani yo’qotdingiz. Shuning uchun, mening fikrimcha, siz qog’ozdan o’qimasligingiz kerak, faqat ma’lum bir atamalar to’plami yoki sanab o’tishingiz kerak bo’lgan narsaning kimyoviy tarkibi bo’lmasa , va bu juda muhimdir. Ya’ni, matnga faqat fundamental so’zlar yoki murakkab atamalar uchun qarang va boshqa payt qaramang.

Matnlarni nutq qilish uchun tayyorlashda murakkab sintaktik tuzilmalarsiz oddiy tildan foydalanish maqsadga muvofiqdir, shunda ma’lumotlar tinglovchilar tomonidan yaxshiroq qabul qilinadi.

Taqdimot paytida sizga ko’p o’qish kerak emas. Slaydingizdagi hamma narsani aytib berishingiz shart emas, chunki ma’lum vaqt oralig’i mavjud, masalan, har bir slayd uchun 1-2 daqiqadan oshmasin.

Insoniyatning 70 foizdan ortig’i vizual bilimni yahshi tushinadilar. Ish paytida vizual diapazon juda muhimdir. Odatda, vizual ma’lumot rasmlar, grafikalar, kodlar va boshqa slaydlardan iborat taqdimot shaklida amalga oshiriladi. Slaydlardagi matn qisqa, katta bosma harflar bilan yozilgan, tomoshabinlarga aniq ko’rinadigan bo’lishi kerak. Esingizda bo’lsin – matn slaydlari ma’ruzachi uchun yaratilmagan, balki tinglovchilarni tushunishni osonlashtirish uchun yaratiladi.

Iloji boricha ko’proq ma’lumot berishni xohlayotganingiz aniq. Agar odamlar qiziqish bildirsa, unda ular nima to’g’risida gaplashayotganingizni asta-sekin va chuqurroq o’rganish uchun slaydlaringizni so’rashadi. Taqdimot paytida asosiy narsa bitta yoki ikkita asosiy fikrni tanlash va ularni yetkazishga harakat qilishdir. Muhimi, sizga bog’liq. Slaydni matn bilan haddan tashqari to’ldirmang – siz shundoq ham hisobotingizni shu matn asosida aytib borasiz. O’zingiz uchun so’zlarni qoldiring va grafikalarni – prezentatsiyaga joylang. Shunday qilib, ba’zida ko’rgazmali ma’lumotlar orqali so’zlarni vizualizatsiya qilish, uzoq nutqqa qaraganda samaraliroq bo’ladi.

Improvizatsiya ham foydali bo’lishi mumkin, men buni juda tez-tez qilaman. Biroq, ma’lum bir dalil doirasida improvizatsiyaga ruxsat beriladi, ya’ni butun ma’ruzani improvizatsiya qilish juda yaxshi yechim emas. Ma’ruzani tayyorlash, uning tuzilmasini yaratish, dalillaringizni tayyorlash, taqdimotingizni aniq aks ettiradigan vizualizatsiyani tanlash, bu juda muhimdir. Men shaxsan oyna oldida juda kamdan-kam mashq qilaman, lekin tadbir juda muhim va juda yuqori darajada bo’lsa, men bunday yo’l bilan mashq qilib olishga harakat qilaman. Demak, oynaning oldida mashq bajarish hech qachon ortiqcha bo’lmaydi.

Asosiy maslahatlar:

  • Ma’ruza qilish uchun yaxshilab tayyorgarlik ko’ring
  • Repetitsiya qiling
  • Prezentatsiya tayyorlang, asosiy g’oyalarn tuzish shaklida yozing
  • Tinglovchilar bilan ijobiy aloqa o’rnatish
  • O’qimasdan aytib bering, tushuntiring va bilimingiz bilan bo’lishing 
  • Xatolar va improvizatsiya qilishdan qo’rqmang

Alohida mavzu – bu ma’ruza paytida hazil qilish. Taqdimotlarni ham quvnoq, ham jiddiy o’tkazishga muvaffaq bo’lgan ma’ruzachilar bor. Ular juda ko’p kulgili su’ratlarni joylashtiradilar, hazillashadilar, lekin shu bilan birga foydali ma’lumotlar berishadi. Tinglovchilarga qiziq va zavqli. Bu mehnatsevarlik orqali rivojlantirilishi kerak bo’lgan iste’dod. Agar siz ham buni qila olsangiz – ajoyib, bunday ma’ruzachilarni yaxshi ko’rishadi. Agar yo’q bo’lsa, taqdimotga juda ko’p hazil kiritmaslik yaxshiroqdir.

Ma’lumki, oxirida aytilganlar so’zlar odamlar tomonidan eng yaxshi eslab qolinadi. Ma’ruzani yakunlar ekansiz, aytilganlarni umumlashtirib, asosiy fikrlarni eslatib o’ting.

Agar tinglovchilar tadbir tugaganidan keyin olingan ma’lumotlar haqida o’ylanib qolishsa, sizning vazifangizni maksimal darajada bajarildi deb hisoblasa bo’ladi.

 

Agar siz imlo xatosini topsangiz, iltimos, ushbu matnni tanlab va Ctrl + Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering.

Yuklash
Chop etish