Yuklash
Chop etish

Natalya Li: reportaj nima?

Ushbu so’z rus tiliga fransuzcha “reportaje” va inglizchada “report” so’zlaridan kelgan bo’lib, tarjimada “xabar berish yoki uzatish” ma’nosini anglatadi. Ammo reportajda shunchaki yangiliklarni aytib berishning o’zi yetarli emas, ishtirok etish effektini yaratish kerak, o’quvchini voqeaga jalb qilish, uning hissiyotini uyg’otish, vaziyatni his qilish va unga harakat qilishga turtki berish muhimdir.

Shu bilan birga, hikoyaning formati ikkinchi darajali ahamiyatga ega va ko’proq yordamchi funksiya bajaradi. Syujet har doim asosiy ahamiyatga ega. Biz ko’pkina qiziq texnologik jihatlarga ega bo’lgan maqolani emas, balki bizni mazmuni bilan jalb qila olgan maqolalarni oxirigacha o’qiymiz.

Reportaj jurnalistikaning alohida janri bo’lishi ham mumkin yoki boshqa janrlar bilan uyg’unlashgan holda uchrashi ham mumkin. Reportaj elementlari yangiliklar  xabarlarida, intervyularda va analitik maqolalar tarkibida mavjud bo’lishi mumkin. Bu matnni jonlantirishga, to’laqonli vaziyatni ko’rsatishga yordam beradi.

Ko’pincha katta maqolalar muammoni tavsiflovchi kichik sahnani tasvirlash bilan boshlanishi mumkin. Shunday qilib, bitta kichik voqeaning misolida butun muammoning ijtimoiy ahamiyati ko’rsatilgan. Ushbu usul “kechiktirilgan zarba” deb nomlanadi.

Masalan, insonparvarlik yordami kechiktirilganligi haqidagi maqola qochqinlar lagerida yashash uchun kunlik kurashning qisqacha tavsifi bilan boshlanishi mumkin. Shunday qilib, hikoyani o’quvchiga yaqinlashtirsangiz, siz quruq yoki byurokratik materialni o’quvchining shaxsiy, insoniy qiziqishini jalb qiladigan yorqin reportajga aylantirasiz.

Har qanday materialni tayyorlashda birinchi qadam axborot manbalarini o’rganish va shunga muvofiq rejani tayyorlash bo’lishi kerak.

Reportajning umumiy ma’nosini kichik qismlarga ajratib oling va eng muhim va maqbul manbalar jadvalini tuzing, shuningdek yozish jarayonini yakunlash uchun sizga kerak bo’lishi mumkin bo’lgan hujjatlar, guvohlar yoki boshqa fikrlar jadvalini ham tuzib chiqing.

Manbalar bilan ishlashda, aql-idrok va jurnalistikaning asosiy tamoyillariga amal qilish kerak, ammo ko’pincha bu asosiy qoidalarga e’tibor berilmaydi – vaqt yetishmasligi, imkoniyat yetishmasligi yoki tashqaridan bosim tufayli.

Makon va vaqtdagi hikoya

Yaxshi reportaj uch xil ta’sir qiluvchi effect yaratadi: mavjudlik, haqiqiylik va hamdardlik.

Buning uchun sizga quydagilar kerak bo’ladi:

  1. Voqea joyiga tashrif buyuring va o’zingizning ko’zlaringiz bilan ko’ring. Hisobotni masofadan yoki boshqa odamlarning hikoyalariga tayanib yozib bo’lmaydi;
  2. Vaziyatga yahlitligicha qarang, iloji boricha ko’proq tafsilotlar va mayda-chuyda detallarga e’tibor bering. Ba’zan  mayda-chuydalar varog’-varog’ yozilgan gaplardan ko’ra ko’proq narsani aytib berishlari mumkin. Ammo ular shuningdek sizni asl mohiyatdan uzoqlashtirishi mumkin, shuning uchun ularga haddan tashqari berilib ketmang;
  3. Barcha mavjud bo’lgan fikrlarni tinglang, voqea ishtirokchilari bilan suhbatlashing. Aynan odamlar hikoyaning tashuvchilaridir va o’quvchi bilan emotsional aloqani yaratadiganlar ham ular ;
  4. Hodisani aytib berishga yordam beradigan voqea tarixiga doir va boshqa barcha faktlarni to’plang;
  5. Hamma narsani yozib oling va suratga oling yoki rasmga oling. Format, aytganimizdek, qo’llab-quvvatlovchi rolni o’ynaydi va voqea joyida olingan fotosuratlar yoki videolar umumiy atmosferani yetkazishga hizmat qiladi, o’quvchini kontekstga tushirishga yordam beradi va agar ular his-tuyg’ularni aks ettirsa, voqeani his etib tushunishga yordam beradi.

Shu bilan birga, reportajga qiziqish to’g’ridan-to’g’ri muallif tashrif buyurgan joyning boshqalar uchun qanchalik yopilgan bo’lishiga bog’liq. Bu shimoliy qutb yoki uzoq tog ‘qishlog’i bo’lishi mumkin, ya’ni geografik jihatdan o’quvchidan juda uzoq bo’lgan joy. Jurnalistning vazifasi – uni o’zining boshidan o’tganlarini aytib berish orqali yaqinlashtirish.

Yoki bu monastir yoki ruhiy shifoxona bo’lishi mumkin, ya’ni kirish imkoniyati cheklangan joy. Va bu holda, jurnalist oddiy o’quvchilarning ko’ziga ko’rinmaydigan voqealar bilan bo’g’lovchi ko’prikka aylanadi.

Reportajda voqealar ikki yo’nalishda rivojlanishi mumkin: vaqt va makonda.

Birinchi variant voqealarni tasvirlash uchun ishlatiladi. Masalan, miting haqida reportaj ishtirokchilar yig’ilishidan boshlab, ularning tarqalishi bilan yakunlanishi mumkin.

Makonda sodir bo’layotgan voqea ma’lumot to’plashda jurnalistning harakatini tasvirlaydi. Masalan, uzoq qishloq haqidagi reportaj unga boradigan yo’ldan boshlanib, keyin u yerda yashovchilardan birining uyiga, so’ngra ma’muriyatga ko’chib o’tishi va qishloq kutubxonasida yakunlanishi mumkin.

Ammo reportajning boshi va oxiri voqeaning boshlanishi va oxiriga yoki jurnalistning harakatlariga mos kelishi shart emas. Va ko’pincha bu shunday ham bo’ladi. Mitingdan reportaj tadbirning o’rtasida ma’ruzachining nutqi bilan boshlanishi mumkin, shuningdek ma’ruzachilardan birining nutqi bilan yakunlanishi mumkin.

Uzoq qishloqdagi voqea haqidagi reportaj mahalliy aholidan birining hikoyasidan boshlanib, qishloqqa olib boradigan yo’l bilan yakunlanishi mumkin.

Agar siz biron bir hudud haqida material yozayotgan bo’lsangiz, o’zingiz ko’rgan bilgan ba’zi muhim ma’lumotlarni taqdim etgan holda o’quvchini hayolan u yerga “o’lib borishga” harakat qiling. Siz, jurnalist  sifatida voqea joyida ekanligingizga ishontiring.

Agar mojaro haqida yozayotgan bo’lsangiz, unda har ikki tomon bilan gaplashing va betaraf baho berish uchun uchinchi kuzatvchi insonni topishga harakat qiling.

Siz ko’rgan narsalarga qo’shimcha ravishda, shuningdek, tovushlar, hidlar va hislarni reportajga kiritish kerak – bu voqeaga hajm qo’shib, uni “jonli” qiladi.

Reportaj shunchaki siz ko’rgan, eshitgan va his qilgan har bir narsaning yilnomasi emas. Hissiy jihatdan jonli epizodlar va ziddiyatni ochadigan epizodlar muhim – boshqa hamma narsa ortiqcha.

Muallif ovozi

Рой Питер Кларк. Фото взято с личной страницы в Facebook

Roy Piter Klark. Fotosurat Facebookdagi shaxsiy sahifadan olingan

Jurnalistikaning ushbu janrida doimo “muallif ovozi” mavjud. Yaxshi reportaj har doim takrorlanmasdir va uni o’qiganingizda, miyyangizda hayoliy tasvir paydo bo’ladi. Roy Piter Klark, amerikalik yozuvchi, muharrir va “50 ta Yozish uslubiyoti” kitobining muallifi, hatto “kinematik yozish” atamasini nutqimizga. Ya’ni, matn o’quvchining miyyasida filmda bo’lgani singari hayoliy kadrlar paydo bo’lishini ta’minlashi kerak.

Reportajda mavjud bo’lgan mualliflik sub’ektivligining darajasi uni yangilik xabaridan ko’ra badiiy adabiyotga yoki belletristic janrga yaqinlashtiradi. Va har qanday adabiy asar singari reportaj ham dramaturgiya qonunlariga muvofiq yozilishi kerak:

  • Tugun (muammo)- mojaroning yoki muammoning boshlanishi
  • Harakatni rivojlanishi – ishtirokchilar  muammoni hal qilishga harakat qilmoqda. Ya’ni biz voqeani o’zini kuzatamiz, uni qahramoni bilan birga hammasini boshdan kechiramiz.
  • Kulminatsiya – ishtirokchilar muammoga yechim topishga yaqinlashadigan payt
  • Yechim- ular muvaffaqiyatga erishishadi yoki yo’q. Bunday holda, yechim tugun (muammoning boshlanishi) bilan mantiqan bog’liq bo’lishi kerak. Chunki aynan bularning orasida hamma voqealar sodir bo’layotganligi sababli.

Rasm: prosims.ru

Reportajda, har qanday hikoyada bo’lgani kabi, butun hikoyaning markazida o’z muammolariga ega va ularni hal qilish istagida bo’lgan oddiy odam bo’lishi kerak. Shu yo’l bilan, o’quvchi qahramonni o’zi bilan ruxan bog’lay oladi, bu hissiy aloqani yaratishga yordam beradi, uning hikoyasiga kirishib ketishiga yordam beradi va oxirigacha o’qish kerakligini anglatadi.

Fikrlar muvozanati

Esingizda bo’lsin, xalqaro jurnalistikaning asosiy tamoyillari xolislik, halollik va betaraflikdir. Ularga rioya qilish uchun siz ma’lumot manbalarini tanlashga ehtiyotkorlik bilan yondashishingiz kerak.

Agar maqolada ikki yoki undan ortiq tomonlar o’rtasidagi tortishuv haqida gap ketsa va unda faqat bitta tomon ko’rsatilgan bo’lsa, unda fikrlarni emas, balki dalillarni keltiradigan manbalarni ko’rsating. Va material faqat bir tomondan olinganligi aniq ko’rinib turishiga ishonch hosil qiling.

Fikrlarning kelib chiqishi har doim ochiq bo’lishi kerak, ya’ni yashirin emas. Anonim manbalardan yiroqroq bo’ling. Agar kimdir boshqalar uchun yoqimsiz narsani aytmoqchi bo’lsa, unda u so’zlari uchun javob berishga va o’z nomini ularning ostiga qo’yishga tayyor bo’lishi kerak.

Reportaj nizo tomonlaridan birortasini qo’llab-quvvatlamasligi kerak va fikrlarni dalil sifatida emas, balki nuqtai nazar sifatida taqdim etishga e’tibor qaratish lozim. Agar siz tanqidiy maqola yozayotgan bo’lsangiz, boshqa tomonga javob berish uchun qonuniy imkoniyat berishingiz kerak.

Reportaj bir siyosiy partiyani, dinni, odamlarni yoki etnik guruhni boshqasiga zarar yetkazish uchun qo’llab-quvvatlamasligi kerak. Reportaj partiyalarning siyosati va bayonotlari to’g’risida adolatli ma’lumot berishga imkon beradi va bir tomon yoki guruh boshqasiga nisbatan bildirishi mumkin bo’lgan sharhlarni o’z ichiga oladi.

Ammo siz asosiy tamoyilni esdan chiqarmasligingiz kerak – jurnalist to’g’ridan-to’g’ri o’z fikrini bildirmasligi, o’z sharhlarini bermasligi yoki shaxsiy siyosiy qarashlarini bildirmasligi kerak. Balansli jurnalistika faktlar va fikrlarning o’rtasidagi farqini aniq ta’minlaydi.

Reportajni yig’ib, yozganingizda, uning dizayni haqida o’ylashingiz kerak. Va bu yerda ikki xil o’qish usuli borligini hisobga olish kerak: birinchisi – chiziqli o’qish, matnni boshidan oxirigacha o’qish.

Ikkinchisi – qisqa o’qish, ya’ni o’quvchi faqat sarlavhalar, hatboshilar va ko’zga tashlanadigan jumlalar va so’zlarnigina o’qiydi. Afsuski, bugungi kunda juda ko’p ma’lumotlar oqimida ko’p odamlar uzoq matnlarni shunday o’qiydilar. Shuning uchun, materialni loyihalashda, ikkinchi o’qish turini hisobga olish va materialning tuzilishini, hatto ko’z yugurtirganda ham osonlik bilan o’qish mumkin bo’lishiga ishonch hosil qilish kerak.

Mashqlar:

  1. Gazeta yoki Internet nashrlaridagi maqolalarni ko’rib chiqing. Turli maqolalarni o’qishga sizni nima majbur qilganini tushunishga harakat qiling.

Nima uchun bitta maqola sizni shunchalik o’ziga “jalb qildi”, siz oxirigacha butun matnni o’qib chiqdingiz, boshqasi esa sizni sahifani o’girib, boshqa maqolalarni qidirishga undaydi?

Tafsilotlarning miqdori qachon maqolani qiziqarliligini oshiradi va tafsilotlarning ko’pligi qachon g’ashiga tegadi?

  1. Hamkasblar bilan quyidagi misolni va maqolani tuzish yo’llarini muhokama qiling:

Siz Sudanda ishlayotgan muxbirsiz, u yerda gumanitar yordam och bo’lgan aholiga yetib bormagani uchun norozilik namoyishlari bo’lib o’tmoqda. Qochqinlar lagerida og’ir. Siz hozirgina lagerlarning biridan inqiroz ko’lamini o’zingiz baholagan holda qaytib keldingiz.

Poytaxtga qaytganingizdan so’ng, siz maqolani qanday yozishni ko’rib chiqayotganingizda, Qizil Xoch rasmiysi sizga qo’ng’iroq qiladi va ushbu vaziyat haqida ilgari e’lon qilinmagan hisobotning nusxasini berishni taklif qiladi. Hisobotda gumanitar yordamni tarqatish jarayoni keskin tanqid qilingan va vaziyatni to’g’irlash bo’yicha takliflar mavjud. Endi sizda lagerlardagi yashash sharoitlari haqida o’zingizning ma’lumotingiz va ajoyib hisobotni ham qo’lga kiritdingiz.

Maqolangizni qanday qilib tuzasiz?

Haqiqiy sharoitlarni tasvirlaydigan ma’lumotlar va hisobotdagi “faktlar” o’rtasidagi muvozanat qanday bo’lishi kerak?

Maqolangizning bitta versiyasi Afrika xalqlari uchun, ikkinchisi Markaziy Osiyo auditoriyasi uchun mo’ljallangan. Ushbu ikkita variant uchun tafsilotlar miqdorida qanday farq bo’lishi kerak?

O’qish uchun qo’shimcha adabiyot:

O’zgarishlar zamonidagi reportajlar: Inqirozli hududlardagi mahalliy jurnalistlar uchun IWPR qo’llanmasi (rus tilida)

Agar siz imlo xatosini topsangiz, iltimos, ushbu matnni tanlab va Ctrl + Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering.

Yuklash
Chop etish