Yuklash
Chop etish

Timur Toktonaliyev: qanday qilib jurnalist muvaffaqiyatli intervyu olishi mumkin?

Bir qarashda, intervyu olish oddiy ishdek tuyuladi. Ammo, agar siz suhbatdoshingizdan qimmatli ma’lumotlarni olishni istasangiz, uni olish uchun harakat qilishingiz kerak bo’ladi. Ayniqsa suhbatdoshingiz sizning savollaringizga javob berishga qiziqmasa.

Dastlab biz “intervyu” deganda biz ikkita tushunchani tushunamiz: sizning jurnalistik materialingizga sharh kerak bo’lganda va siz bir kishi bilan yaxlit intervyu tayyorlaganingizda.

Intervyu bo’yicha ish uch bosqichdan iborat: birinchisi – suhbatga tayyorgarlik, ikkinchisi – suhbatni yozib olish va oxirgi – nashr uchun materialni yakunlash. Ushbu uchta bosqich har biri o’zining muhim jihatlariga ega.

Jamiyatda muhim muammo bo’yicha savollar to’planib qolgan va har tomonlama javob bera oladigan malakali shaxsni topish zarur bo’lganda intervyu olish kerak. Ba’zida, sizning o’quvchilaringizni qiziqtiradigan aniq bir odam uchun savollar to’planib qoladi – ko’pincha bunday odamlar siyosatchilar, amaldorlar, jamoat arboblari bo’ladilar.

1-Bosqich. Tayyorgarlik ko’rish

Tayyorgarlikni suhbat mavzusini o’rganishdan boshlashingiz kerak – bu haqida Internetda nima e’lon qilingan, foydalanuvchilar forumlarda va ijtimoiy tarmoqlarda nima yozishmoqda. Bunday mini-tadqiqot ushbu mavzuning qaysi jihatlari hali ko’rib chiqilmaganligini, suhbat orqali nima yangiliklarni yuzaga chiqarish kerakligini tushunishga yordam beradi.

Sizni adashtirmasliklari uchun suhbat mavzusidan suhbatdoshingizdan kam bo’lmagan xolda xabardor bo’lishingiz kerak.

Ushbu bosqichda siz allaqachon Word fayliga savollarni qo’shimcha ma’lumotlar bilan birga va savolingizga oid xabar qaysi saytda chiqqan bo’lsa u saytlarga havolalar bilan tayyorlab qo’ygan bo’lishingiz kerak.

Hamkasblaringiz, yaqinlaringiz va qarindoshlaringizdan qanday savollarni so’rashni surushtirib ko’rish ortiqcha bo’lmaydi. Ba’zan ular original va qiziqarli g’oyalarni aytib qolishlari mumkin.

Savollar ro’yxati mantiqiy va o’zaro bog’liq bo’lishi kerak. Uni muharrirga ko’rsatish kerak, shunda u muayyan fikrlarni yaxshiroq ifodalab beradi. Ammo asosiysi, bu savollar ro’yxati sizning boshingizda bo’lishi kerak, ya’ni. nima so’rashingizni o’zingiz tushunib turishingiz kerak.

Suhbatdoshning psixotipini o’rganish kerak. Gapga chechan yoki kam gap, qiziq qon yoki sovuq qon, uning siyosiy va hayotiy qarashlari qanday, u qanday OAVlariga intervyu berishni afzal ko’radi va kimlarni yoqtirmaydi – bularning barchasi bilish sizga muvaffaqiyatli intervyu rejasini tuzishga yordam beradi. 

Suhbatdosh haqida Internetdagi nashrlar, video yozuvlar va boshqa jurnalistlardan ko’proq ma’lumot olishingiz mumkin.

Texnik jihatdan, hamma narsa tekshirilishi kerak: tehnik uskunalar soz ahvoldaligi, batareyalar to’liq holdaligi, fleshka-disklarda yetarli joy borligi. Agar uskuna buzilib qolguday bo’lsa, bunday holatlar bir-bir bo’lib turadi, mobil telefon “sug’urta qilishga” tayyor bo’lishi kerak.

2-bosqich. Suhbat o’tkazish

Hammasi rejaga muvofiq bo’lmasligi mumkin. Masalan, kelishilgan bir soat o’rniga, suhbat uchun 10 daqiqa vaqt ajratiladigan bo’lib qolishi mumkin. Bunday holda, qizib olishga vaqt yoqligi uchun,eng muhim savollardan suhbatni boshlash kerak.

Agar suhbatlashishning boshqa imkoni bo’lmasa, siz darhol savol berishni boshlashingiz kerak. Suhbatni batafsil yozib olishning iloji bo’lmasligi mumkin, ammo suhbatdoshning javoblari asosida qiziqarli material tayyorlash mumkin bo’ladi.

Agar yetarli vaqt bo’lsa, siz uning javoblarini diqqat bilan tinglashingiz kerak. Uning javoblaridan qo’shimcha savollar albatta kelib chiqishi kerak va bu savollarga to’liq javob olmaguningizcha, albatta qayta va qayta savollar berilishi kerak.

E’tibor bering

Markaziy Osiyo mamlakatlarida ko’pincha intervyu mazmuni bilan bog’liq barcha javobgarlik jurnalistlarning zimmasidadir. Hatto u jonli efirda namoyish qilinayotgan bo’lsa ham, siz suhbatdoshingiz nima deyishini oldindan bila olmasangiz ham, qonunga xilof gaplar yangray boshlasa, etnik va diniy guruhlarni haqorat qilish va biron bir shaxsni aybi isbotlanmay turib ayblash kabi vaziyatlarda o’zingiz suhbatdoshingizga yangrayotgan gaplar bo’yicha o’zingizning mulohazalaringizni va qonun normalari buzilayotganini eslatishingiz kerak. Tomoshabinlar va sud tomonidan jurnalistning bunday noqonuniy hollarda jimgina eshitib o’tirishi, suhbatdoshingizning noqonuniy xatti-harakatlarini qo’llab-quvvatlash sifatida talqin qilinishi mumkin.

Muhim fikrlar va tafsilotlarni o’tkazib yubormaslik uchun diqqatni jamlash juda muhimdir. Ba’zida aytilgan mayda tafsilotlar suhbatning butun yo’nalishini o’zgartirib yuborishi mumkin.

Agar suhbatdoshlar biron bir narsani da’vo qilsa – siz dalillarni talab qilishingiz kerak; kimnidir ayblasa – isbotini talab qilish kerak; noqonuniy chaqiriqlar qilsa – qonunlarni eslatish kerak.

Kerakli javobni olganingizdan so’ng, siz uning nutqini muloyim ravishda bo’lib, keyingi savolga o’tishingiz kerak.

“Intervyu” janrida jurnalistning vazifasi muloyim, ammo qat’iyat bilan, berilgan savollarga aniq javob olishga harakat qilishdir va jimgina maqullab turmasdan. Suhbatdosh javobni berishdan qochsa, savolni qaytadan boshqa qilib so’rash kerak. Agar u qochishni davom ettirsa, siz to’g’ridan-to’g’ri so’rashingiz kerak: “nega bu savolga javob berishni xohlamaysiz?” deb.

Ammo shu bilan birga, jurnalist o’zini to’g’ri tutishi kerak: ohangi neytral – prokurorcha emas, muxolifatcha emas, ammo shu bilan birga yalinmagan holda. Psixologik masofani saqlash va shaxsiyatga tegib ketmaslik muhimdir. Agar siz ushbu chiziqdan o’tsangiz, suhbatdoshingiz sizning xatti-harakatlaringizdan g’azablanishi mumkin yoki aksincha so’kinib ketishi mumkin – bularning ikkalasi ham samarali suhbatga yordam bermaydi.

Suhbatning o’zi bilan bir qatorda, suhbatdoshingizning xatti-harakatlarini, tana harakatlarini kuzatish va uning ofisidagi yoki uyidagi vaziyatni hisobga olish kerak. Qiziqarli kuzatuvlar sizning materialingizni boyitishi mumkin.

 

Vaqti-vaqti bilan siz yozib olish qurilmangizni kuzatib borishingiz kerak – suhbatdoshdan muhim javoblarni sug’irib olayotgan bir paytda, magnitafon yoki videokameradagi batareya zaryadining tugashi, jihoz o’z-o’zidan to’xtashi yoki buzilishi mumkinligini esda tuting.

Ammo audio yozuv yahshi ishlayotgan bo’lsa ham, siz faqat yozuvga ishonib qolmang. Javoblar daftarga yozilishi kerak, ayniqsa raqamlar, atamalar va muhim fikrlar. Agar siz biror narsani tushunmasangiz, gapni bo’lib aniqlashtirishga uyalmang, tushunmayapman deb ayting. Siz hamma narsani bilag’oni bo’lishingiz shart emas, shuning uchun siz intervyu olayapsiz.

Agar audio yoki video yozishni to’xtatgandan so’ng, suhbatdosh muhim bir narsani aytsa, siz undan yozuv ostida takrorlashni so’rashingiz kerak.

Ism va lavozim aniq yozilgan bo’lishi kerak. Agar shubhangiz bo’lsa, uni o’z qo’li bilan yozdirib oling. Uning uyali telefonini, elektron pochta manzilini yozib qo’ying va u qaysi messenjerlarni tez-tez tekshirib turishini so’rang. Keyinchalik sizda qo’shimcha savollar paydo bo’lishi mumkin va siz tezda suhbatdoshingiz bilan bog’lanish imkoniga ega bo’lishingiz muhimdir.

Xayrlashishdan oldin, suhbatdoshingizga sarflagan vaqti va suhbati uchun tashakkur aytishni unutmang. Xushmuomalalik va odob-axloq – bu professional jurnalistning o’ziga xos belgisidir.

3-bosqich. Intervyuni nashr etishga yoki efirga uzatishga tayyorlash

Suhbatning to’liq yozuvini savollar ro’yhati va qo’shimcha materiallarni birga alohida papkaga ko’chirish kerak. Agar siz ovoz yoki video bilan ishlayotgan bo’lsangiz, asl nusxasini emas, balki nusxasini yaratishingiz va tahrirlashingiz kerak. Ushbu original ma’lumotlar papkasi abadiy saqlanishi kerak, shunda nizolar yuzaga kelganda siz o’z arxivingizga ishonishingiz mumkin.

Suhbatdoshning hamma aytganlari tinglovchilarni qiziqtirmasligi mumkin. Shuning uchun, materialni o’rganib chiqib va tahrirlash bosqichida siz suhbatning faqat eng qimmatli va qiziqarli qismlarini qoldirishingiz kerak. Biroq, qisqartirishlar suhbatdoshning fikrini buzmasligi kerakligini unutmang. Matnni qisqartirish va aytilganlarning ma’nosini saqlab qolish o’rtasidagi dilemmada siz ikkinchisini tanlashingiz kerak.

Sizga intervyu berilgani shundan dalolat beradiki, suhbatdoshingiz har qanday muhim masalada tinglovchilarga ma’lumot yetkazishni sizning ommaviy axborot vositangiz orqali qilishga ishonch bildirgan. Jurnalistning vazifasi bu ma’lumotni o’quvchilariga, tinglovchilariga yoki tomoshabinlariga buzmasdan yetkazishdir.

Matn ustida ishlayotganda, jurnalistda qo’shimcha savollar va aniqliklar kiritishga ehtiyoj paydo bo’lishi mumkin. Bu odatiy amaliyot. Siz qo’ng’iroq qilishingiz, xabar jo’natishingiz va so’rashingiz kerak.

Eslab qoling
Ko’pincha intervyuni nashr etish va efirga uzatishdan oldin, suhbatdoshlar tomonidan materiallarni tasdiqlash uchun yuborish so’raladi. Siz buni qilishga majbur emassiz – suhbatdosh yozuv orqali intervyu berganini va uning aytganlari e’lon qilinishini bilar edi, shuning uchun oldindan materialingiz matnini oldindan tasdiqlatib olishga hojat yo’q. Tanishib chiqish uchun uning nutqining ba’zi qismlarini tushuntirish yoki qo’shimchalar kiritish uchun yuborish joizdir, ammo bu unga aytilganlarning ma’nosini o’zgartirish huquqini bermaydi.

Agar suhbatdosh bahsli fikrlarni bildirsa yoki materialda noto’g’ri ma’lumotlar bo’lsa, siz muallifning eslatmasidan foydalangan holda ishonchli ma’lumotlar yoki muqobil nuqtai nazarni taqdim etishingiz kerak. “Intervyu” formati suhbatdoshingizga tinglovchilaringizni “yo’ldan ozdirish” huquqini bermaydi.

Agar intervyu jonli efirda uzatilmasa, material mazmuni uchun butun javobgarlik birinchi navbatda jurnalist va tahririyat zimmasiga tushadi. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlarining qonunlari va sud amaliyotidir.

Shu sababli, intervyuda ma’lum bir shaxs yoki muassasaga nisbatan asossiz da’volar bo’lmasligi kerak. Shuningdek, suhbat davomida mamlakatingizdagi etnik, diniy va boshqa guruhlarga nisbatan haqoratli, kamsituvchi so’zlar qabul qilinishi mumkin emas. Siz asossiz ayblovlar, haqoratomuz bayonotlar va noqonuniy murojaatlarni efirga olib chiquvchi ro’lini o’ynab bermasligingiz kerak.

Intervyu yakuniy versiyasi e’lon qilingandan so’ng, material ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishi va qiziqish bildirgan odamlarga elektron pochta orqali yuborilishi kerak. Agar sizning o’quvchilaringiz yoki tomoshabinlaringizda savollar bo’lsa, ularga muallif sifatida javob berishni unutmang.

 

Qo’shimcha o’qish uchun adabiyot:

O’zgarishlar zamonida reportajlar: Inqirozga duch kelgan hududlarda mahalliy jurnalistlar uchun IWPR qo’llanmasi (rus tilida).

 

Agar siz imlo xatosini topsangiz, iltimos, ushbu matnni tanlab va Ctrl + Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering.

Yuklash
Chop etish