Ko’pchilik aniqlik, xolislik va halollik (tog’ri so’zlik) yaxshi jurnalistikaning asosiy tamoyillari deb bilishadi, shuningdek, IWPRda ham aynan shu prinsiplar jurnalistik ta’lim berishning asoslarini tashkil etadi.
Jurnalistika, o’zi yoritadigan dunyo kabi, rang-barangdir. Yangiliklarni yoritadigan jurnalistlar shov-shuvli materiallar tayyorlaydigan, taniqli shaxslar haqida yozadigan yoki haftalik jurnallarda ishlaydigan jurnalistlardan boshqacha ishlaydilar. Amerikalik muhbirning ishi ko’pincha britaniyalik jurnalistning amaliyotidan juda farq qiladi va ikkalasi ham Evropa mamlakatlaridagi mediya hamkasblariga qaraganda butunlay boshqacha yozishadi. Boshqa qit’alar va mintaqalarning uslublari bundan ham ko’proq farq qilishi mumkin.
Biroq, ushbu xilma-xillikni hisobga olgan holda, butun dunyodagi jurnalistik tashkilotlar kasbiy etika tamoyillarini soddalashtirishga harakat qilishdi.
Ko’pchilik aniqlik, xolislik va halollik yaxshi jurnalistikaning asosiy tamoyillari deb bilishadi, shuningdek, IWPRda ha ushbu prinsiplar jurnalistik ta’lim berishning asoslarini tashkil etadi.
Ushbu bobda ushbu xalqaro standartlar haqida qisqacha ma’lumot berilgan va yaxshi jurnalistikaning mohiyatini tashkil etuvchi asosiy elementlar muhokama qilinadi.
Albatta, farqlar mavjud, ammo ular aksariyat hollarda ifoda va urg’u berish bilan bog’liqdir. Quyida biz nimani taklif qilayotganimizni ko’rib chiqing.
■ Gij-gijlashga va kamsitishlarga yo’l qo’ymaslik uchun ehtiyotkorlik Bosniya Matbuot Jurnalistlari Kodeksining ajralmas belgisidir.
■ Xolislik va aniqlik BBC muxbirlari uchun asosiy prinsiplardir.
■ Yaponiya gazeta noshirlari va muharrirlari uyushmasining jurnalistika qonunlari gazetalarni “farovon va tinch kelajakni ta’minlash uchun doimiy sa’y-harakatlarni” jurnalistlar zimmasiga yuklaydi.
■ Qirg’iziston Jurnalistlari Uyushmasi axloq kodeksidagi asosiy qoida aniq belgilab berilgan: “Jurnalistlardan haqiqatga xizmat qilish talab etiladi. Ommaviy axborot vositalarining roli haqiqatni izlashdir. ”.
Ushbu jurnalistik axloq kodekslarining barchasi jurnalistlar nimadan qochish kerakligi to’g’risida yakdildir:
■ tuhmat va haqorat (yomon otliq qilish)
■ plagiat (boshqa odamlarning materiallarini o’zlariniki sifatida taqdim etish)
■ pora olish
■ hikoyalar to’qib chiqarish (uydirma va soxta ma’lumotlarga tayanish)
Jurnalistikada professional yondashuvlarni qo’llashning turli xil usullari mavjud – urush jinoyatlarini qanday yoritish, qurbonlar va jarohatlar haqida qanday so’zlab berish, “ommaviy jurnalistika” bilan qanday shug’ullanish yoki “mas’uliyatli reportaj” ni qanday tayyorlash kerak – bu ayniqsa murakkab va ba’zan munozarali mavzudir, unda mojaroni qanday yoritish kerakligi va mojaroning oqibatlari kelajakka qanday ta’sir qilishi haqida o’ylashga majbur qiladi. Ushbu mavzularning ba’zilari keyinchalik ushbu qo’llanmada muhokama qilinadi.
Ammo bularning barchasida va ommaviy axborot vositalarining jamiyat rivojiga va demokratiya rivojiga qo’shgan hissasi asosida voqealarni faktlarga asoslangan xolda yoritilishi yotadi.
Mas’uliyatli jamoatchilik muhokamasini ta’minlash uchun ishonchli ma’lumotlarni taqdim etish, mansabdor shaxslarning jamoatchilik oldida javobgarligi darajasini oshirish va elektoratni xabardor qilish – bular demokratik jamiyatdagi ommaviy axborot vositalarining asosiy vazifalaridir.
Shubhasiz, ko’plab professional kodekslar ma’lumotlarning ishonchliligini ta’minlashda ommaviy axborot vositalarining yetakchi rolini ta’kidlaydi.
Asosiy elementlar
Jurnalistlar uchun har qanday axloqiy kodeksda jurnalistika amaliyotida kamida uchta asosiy omil mavjud deb belgilab qo’yilgan: xolislik, aniqlik va halollik. Ularni universal standartlar deb hisoblash mumkin.
Axloqiy mezonlar ham yangilik to’plashda halollik va odillik zarurligini ta’kidlaydi. Ko’p kodekslar, shuningdek, ma’lumot to’plashning muhim tarkibiy qismi sifatida manbalarni himoya qilishni o’z ichiga oladi.
- Xolislik
Ko’pgina jurnalistlarning odob-axloq kodeksi va odob-axloq qoidalari voqealarni tasvirlashda “xolislik” yoki “mustaqillik” ni ta’kidlaydi. Ammo bu tushunchani aniq qilib ta’riflab berish qiyin bo’lishi mumkin.
Xolislik degani, reportaj bir siyosiy partiyani, dinni, odamlarni yoki etnik guruhni boshqasiga zarar yetkazish uchun qo’llab-quvvatlamasligini anglatadi. Bu sizga partiyalarning siyosati va bayonotlari to’g’risida adolatli ma’lumot berishga imkon beradi va bir tomon yoki guruh boshqasiga nisbatan bildirishi mumkin bo’lgan sharhlarni o’z ichiga oladi. Ammo asosiy tamoyil shundaki, jurnalist to’g’ridan-to’g’ri o’z fikrini bildirmasligi, o’z sharhlarini aytmasligi yoki shaxsiy siyosiy xohishlarini ifoda qilmasligi kerak.
Muvozanat saqlangan jurnalistika haqiqat bilan fikr o’rtasidagi aniq farqni ta’minlaydi.
Ko’pgina mamlakatlarda tahririyatlar hech qanday moliyaviy yordamisiz yashab qolish mukin emas deb hisoblashadi va siyosiy partiyalar, siyosatga ta’sir qiluvchi guruhlar yoki siyosiy manfaatlarga ega nufuzli ishbilarmonlar bunday qo’llab-quvvatlash uchun tabiiy nomzodlardek ko’riladi. Bunday holatlarda, gazetalar hech bo’lmaganda o’zlarining moliyaviy manbalari to’g’risida xalqni xabardor qilishlari kerak, shunda o’quvchilar ularning beg’arazligi to’g’risida o’z fikrlariga ega bo’lishlari mumkin.
Mas’uliyatli nashrlar e’lon qilingan yangiliklar va tahririyat fikri o’rtasida aniq farqlarni belgilab qo’yishadi. Yangiliklar oldingi sahifada joylashtiriladi, kimningdir tahlili va fikrlari esa ichki sahifalarda joylashtiriladi va aniq qilib ko’rsatib qo’yiladi. Ba’zi gazetalarda “tahliliy” maqolalar chop etiladi va shu bilan ular muqarrar ravishda jurnalistning muayyan nuqtai nazarini aks ettiradi va ularni bevosita yangiliklardan ajratish uchun aniq “yangiliklar tahlili” deb nomlanadi. Ko’plab gazetalarda yangiliklarni tayyorlashda ishtirok etadigan va tahririy maqolalar va sharhlarni tayyorlaydigan guruhlar bir-birlaridan ajratilgan holda ishlaydi va hatto bir-biri bilan aloqada bo’lishiga ruxsat ham berilmaydi.
G’arbda ko’plab ommaviy axborot vositalari va nashrlar xususiy kompaniyalarga tegishli bo’lib va tijoriy mavzudagi ob’ektiv materiallarni nashr etish juda nozik yondashuvni talab qiladi. Tahririyat va tijorat yoki reklama bo’limlari bir-biridan mutlaqo ajratilib qo’yilgan.
Nashriyotchi yoki OAV egasi nashr mazmuniga ta’sir ko’rsatmoqchi bo’lganligi sababli muharrir ishdan ketishga majbur bo’lgan paytlar ham bo’lgan. Va agar bunday aralashuvdan keyin muharrir o’z o’rnida qolsa, bu ba’zi nashrlarning obro’siga putur yetishiga sabab bo’lgan.
Ko’pincha mojaroli vaziyat gazeta yoki teleradioeshittirish kompaniyasida gazeta sahifalarida yoki efir vaqtida katta miqdordagi reklama buyurtma qiladigan OAV egalari yoki kompaniyalar uchun noqulay yoki zararli bo’lgan material mavjud bo’lganda yuzaga keladi. Agar u tanqidiy materialni nashr etsa, u kelib turgan daromadini yo’qotishi mumkin. Ammo agar ma’lumot bosti-bosti qilinsa, unda bu ommaviy axborot vositasi noxolis bo’lib, o’z obro’sini yo’qotadi.
Siyosiy ob’ektivlikni saqlash ko’p sabablarga ko’ra qiyin. Ba’zi mamlakatlarda ommaviy axborot vositalari to’g’ridan-to’g’ri bosim tagida qolishadi – agar ular hukumatni tanqid qilsalar va faqatgina mustaqil taraf bo’lishga harakat qilsalar ham, ular “xorijiy hukumatlarning malaylari” yoki tarafdorlari deb hisoblanishadi. Jamiyat juda qutblangan davrlarda o’z pozitsiyasini saqlab qolish ayniqsa qiyin.
Ob’ektiv bo’lish boshqa oddiy sabablarga ko’ra ham qiyin bo’lishi mumkin. Davlat rahbari tomonidan aytilgan so’zlar, shubhasiz, davlat rahbari ochiq tashviqot olib borgan taqdirda ham, qishloq ahlining fikridan ko’ra ishonchli xabar deb qabul qilinadi, dehqon esa davlat siyosatining poydevori zaiflashib qolganiga taalluqli bo’lgan e’tiborsiz qolgan muammolar haqida gapirayotgan bo’ladi.
- Aniqlik
Har bir jurnalistik kodeks aniqlik zarurligini ta’kidlaydi. “To’g’ri ma’lumot berish” istagi har doim tezlikdan ustun keladi. Shoshilib, lekin noto’g’ri ish qilayotganlar mukofotni kutishmasa ham bo’ladi.
Jurnalist uchun yozish qobiliyati – bu ma’lumotlarni aniq, lo’nda va samarali taqdim etish qobiliyatidir. Material ishonchli dalillarga asoslanishi kerak; shu sababli muxbir ishonchli ma’lumotni qayerdan va qanday topishni bilishi kerak.
Bu yaxshi kuzatish, tinglash qobiliyati, puxta bilim va yaxshi zehnga ega bo’lish, eng muhimi, ishonchli ma’lumot izlashda to’g’ri odamlar bilan gaplashish qobiliyatiga ega bo’lish demakdir.
Jurnalist uchun aksioma shundan iboratki, eng yaxshi muxbirlar shaxsiy aloqalari qanchalik yaxshiligiga bog’liq bo’lishadi. Shuning uchun bunday aloqalarni qanday yaxshilashni va taklif qilingan ma’lumotni qanday baholashni o’rganishingiz kerak. Bu sizga ishonchli (ularni ishonchni qozonishni) hamda ishonchsiz odamlarni aniqlashga qodir bo’lishingiz kerakligini anglatadi. Bitta hodisa to’g’risida qarama-qarshi fikrlar o’rtasida qanday qilib muvozanatni saqlash kerakligi juda qiyin masaladir.
Ko’plab jurnalistik tashkilotlar “ikki manba orqali tasdiqlangan qoida” ga rivoya qilishni talab qilishadi, bu har bir faktni to’g’ri qabul qilishdan oldin ikkita mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlanishi kerakligini anglatadi.
Xabarni iloji boricha aniq bo’lishini ta’minlash uchun jurnalistlar iloji boricha qo’lda yozuvlar olib borishlari yoki suhbatni audio-yozuvlarini yozib olishlari kerak. Ushbu umume’tirof etilgan prinsipga amal qilish, hatto ismlarni to’g’ri yozishda ham, jurnalistlarning halolligi va ishonchini qo’llab-quvvatlaydi. Aniqlik tafsilotlarga jiddiy e’tibor berishni talab qiladi, chunki bitta kichik xato ham butun nashrning ishonchliligini buzishi mumkin. Bu faktlarni va hatto umumiy tan olingan ma’lumotlarni tekshirish va hatto ikki marta tekshirish zarurligini anglatadi.
Aniqlik nafaqat dalillarga taalluqli; bu kontekst bilan ham bog’liq. Saylov oldidan nomzod yoki kompaniyaning faoliyati uchun zararli ma’lumotlar jiddiy oqibatlarga olib keladi. O’quvchi bu material qayerdan kelganligini va ushbu manbaning noxolis maqsadlari bor yoki yo’qligini bilishi kerak.
Axborotni targ’ib qiluvchilarda biron bir yashirin manfaatlar bormi, bunday xavflar jurnalistni sergak torttirishi kerak va tinglovchilarga odilona qaror chiqarishga bu ma’lumotlar imkon yaratadimi yoki yo’q? Iste’molchi mahsulotni tanqid qiladimi yoki tanqid bir xil mahsulotni ishlab chiqarayotgan raqobatdosh kompaniyaning vakilidanmi yoki yo’qmi – bular o’rtasida katta farq bor.
Ko’pchilik shikoyat qilishadi, bunday nashrlar ba’zan “noxolis” bo’ladi deb. Bu samarali tanqid bo’lishi mumkin, ayniqsa jurnalist o’z maqsadlariga intilayotgani aniq bo’lsa. Yoki bu maqola ularning nuqtai nazari bilan to’g’ri kelmaydi deb aytishning o’ziga hos usuli bo’lishi mumkin.
Aksariyat tajribali jurnalistlar yangiliklarni taqdim etishda haqiqiy ob’ektivlikka erishish juda qiyin, yoki umuman iloji yoq, degan fikrga qo’shiladilar. Jurnalistning shaxsiy tajribasi va o’z fikrlari haqiqiy vaziyatni buzishi mumkin. Jurnalist buni doimo yodda tutishi va voqealarni tasvirlashda doimo ob’ektiv bo’lishga harakat qilishi kerak.
Birinchidan, har qanday jurnalist faktlarga tayanadi va ularning ishonchliligi uchun dalillarni tekshiradi. Ba’zida uning g’azabiga yoki tashvishiga sabab bo’lgan voqealar jurnalistni yaxshi maqola yozishga undashi mumkin.
Ammo u maqolani asoslash uchun ma’lumot qidirishda to’g’ri so’z bo’lishi kerak va bu kutilmagan oqibatlarga va xavotirli natijalarga olib kelishi mumkinligini bilishi kerak. Faktlarni olish va tavsiflash usuli ob’ektiv bo’lib qolishi kerak yoki hech bo’lmaganda jurnalist ob’ektiv bo’lishga harakat qilganligini ko’rsatishi kerak.
- Halollik
Suhbatdoshlaringizga nisbatan adolatlilik ma’lumot to’plashda ham, uni taqdim etishda ham odobni saqlashni anglatadi.
Suhbatdoshlaringiz maqola yoki dastur nima haqida bo’lishini bilish huquqiga ega; ularning ishtirokidan qanday natija kutilmoqda; radio yoki televizion intervyu jonli yoki yozib olinadimi; uni qanday tahrirlash mumkin. Shuningdek, ular videoga olinishyapti yoki yo’qligini bilish huquqiga ega va agar shunday bo’lsa, ba’zi o’zgarishlarni talab qilishga haqqi bor. Ammo tomonlar o’rtasidagi munosabatlarda va tadbirning taqdimotida halollik va odobga rivoya etish eng muhim mezon bo’lib qolishi kerak.
Biror narsani bilsangiz, uni maqolangizda ishlatishingiz mumkin degani emas. Siz ishonchlilikni himoya qilmaguningizcha, sizda nashr qilish uchun “ma’lumot” yo’q, aksariyat hollarda esa sizda bor ma’lumot “oshkor qilishga ruxsat qilingan” bo’lmaganligi uchun sizda qonuniy yo’l bilan topilgan va oshkora olingan manbangiz yo’q. Va eng kamdan-kam hollarda, eng yuqori ijtimoiy manfaatlarga ko’zlagan holda, ma’lumot olish uchun qonun buzilishi maqbul deb hisoblanadi.
Taqdimotda halollik yoki to’g’ri so’zlik, siz tanqid qilgan har bir kishiga o’sha materialda keltirilgan izohlarga javob berish imkoniyatini berishdir. Kimdir u haqidagi sizning maqolangizdan xafa bo’lishi mumkin, ammo maqolani chop etilishi uni hayratlantirmasligi kerak, chunki jurnalist har doim tanqidni nashr etilishidan oldin maqolada gap ketgan odamlar bilan muhokama qilishi kerak. (Izoh: bu odam ushbu maqolani to’liq o’qishi kerak degani emas, balki tanqidning mohiyati unga tushuntirilishi kerakligini anglatadi).
Agar sizning tanqidiy maqolangiz qahramoni bilan muhokama qilish noqulay bo’lsa, unda siz ushbu materiallarning nashr etilishida hanuz noqulay his etasiz. Biror kishini tanqid qilish sizning maqolangizni yanada kuchliroq qiladi, ammo agar siz tanqidga uchragan insonga qarshi bo’lgan barcha fikrlar bilan birga ijobiy tomonlarini ham qo’shsangiz, sizning maqolangiz yanada muvozanatli bo’ladi va sizning tanqidingiz yanada tosh bosadigan bo’ladi.
- To’g’ri so’zlik va yaxshi tarbiyalilik
Jurnalistlarning qanday ishlashi va natijalarini qanday taqdim etish uslubi uchun asos bo’lib axloqiy me’yorlar va qoidalar bo’lishi, jamoatchilik ishonchini saqlash uchun juda muhimdir. Yozilgan va yozilmagan jurnalistlarning kodekslari yangiliklarni to’plash, tekshirish va tarqatishda qoidalarga rioya qilish naqadar muhim ekanligi haqida ta’kidlab keladi. Jurnalistik amaliyotda vaqti-vaqti bilan yuzaga keladigan mavjud qiyinchiliklar va dilemmalarni hisobga olgan holda, ruxsat etilayotgan narsalarning chegaralarini bilish va shaxsiy axloq qoidalariga rioya qilish juda muhimdir.
Aniqlik va rostgo’ylikdan tashqari, aksariyat kodekslar yangiliklarni yozishda haqiqat, ochiqlik va sog’lom fikrga urg’u beradi. Har qanday holatda ham ma’lumot qidirish zarurati odob-axloq haqida unutishingiz kerak degani emas.
Jurnalistlar shikastlanishlar yoki hayot zarbalaridan aziyat chekayotgan odamlarning hayotiga ruxsatsiz aralashuvdan qochishlari va insonning shaxsiy hayotga bo’lgan huquqini hurmat qilishlari kerak. Jinsiy zo’ravonlik qurbonlari bo’lgan bolalar va qurbonlariga juda ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo’lish kerak va ko’pgina mamlakatlar qonunlari ularning ismlarini aytish yoki su’ratga olishni taqiqlaydi. Moddiy manfaatdorlik uchun ishlaydigan jurnalistlar o’zlarining moliyaviy manfaatlariga ega bo’lgan kompaniyalar haqida ma’lumot berishdan qochishlari kerak va agar ular shunday qilsalar, masalan, agar ular ushbu kompaniyalarda o’zlarining ulushlariga ega bo’lsalar, o’zlarining manfaatdor ekanliklari to’g’risida oshkora aytib o’tishlari kerak. Ko’pgina ommaviy axborot vositalarida qimmatli qog’ozlarga egalik qilish va jurnalistlarning tijoriy operatsiyalarini tartibga soluvchi aniq qoidalar mavjud.
Hozirga qadar axloqiy muammolarning murakkabligi tufayli ko’plab jurnalistik axloqiy kodekslari va qoidalar haddan tashqari ko’p rioya etilishi shart bo’lgan qoidalarni e’lon qilishdan qochishadi. Favqulodda holatlarda, amaliy yangiliklar tayyorlash jurnalistikasining o’rnatilgan qoidalari keng jamoatchilikning manfaatlari yo’lida qayta ko’rib chiqilishi mumkin. Professional kodekslar, odatda, jurnalistlardan hech qachon o’zlarini boshqa odam sifatida ko’rsatmasliklarini aniq talab qiladi. Qanday qilib jurnalist o’zini insofsizlarcha tutib, yolg’onni fosh qilishi mumkin? Va shunga qaramay, ba’zida, masalan, poraxo’r amaldorlarni fosh qilishning yagona usuli sifatida, bunday odamlarni tuzoqqa ilintirish yoki aldash mumkin. Bunday hollarda muharrirlar va o’z hamkasblari bilan maslahatlashish, shuningdek, o’zlarining axloqiy qoidalariga rioya qilish yaxshiroqdir.
Boshqa bir axloqiy qoida: hech qachon plagiat qilmang. Albatta, har bir yangi nashr allaqachon e’lon qilingan maqolalarga asoslanadi. Ammo siz hech shak-shubhasiz boshqalar tayyorlagan ma’lumotlarni ishlatsangiz, ularni tayyorlagan hamkasblaringizga yoki hattoki raqobatchilaringizni ko’rsatib o’tishingiz shart va siz boshqa mualliflarning asarlarini o’g’irlamasligingiz va ularni o’zingiznikidek taqdim etmasligingiz kerak. Aks holda, sizning karyerangiz achinarli yakun topadi.
Axloqiy masalada ikkilanishga duch kelganingizda, har doim o’zingizga shunday savol bering:
■ Xuddi shu ma’lumotni olishning boshqa yo’li bormi?
■ Siz zarar ko’rgan odamlarga o’z harakatlaringizni vijdonan tushuntira olasizmi?
■ Agar yana shunga o’xshash vaziyat paydo bo’lsa, siz yana shunday qilgan bo’larmidingiz?
■ Muxbir o’rnida emas, materialingiz qahramoni o’rnida bo’lib qolganingizda nima qilardingiz?
■ Siz aniq va adolatli bo’lish uchun hamma narsani qildingizmi?
■ Ushbu maqolaning barcha tegishli tomonlarini topib o’rganishga harakat qildingizmi?
■ Sizning qarorlaringiz tashqi va, ayniqsa, shaxsiy hislaringizdan ta’siridan xolimi?
- Manbani himoya qilish
Jurnalistlarning axloqiy kodeksi odatda ma’lumot manbalarini himoya qilishga katta ahamiyat beradi, ba’zan hatto qonunga zid bo’lib qolsa ham. Ba’zilar manbani oshkor qilmaslik uchun “axloqiy majburiyatlar” ni ta’kidlaydilar.
Urush va tinchlikni yoritish institutida (IWPR) biz ma’lumot manbalarini himoya qilish jurnalistning asosiy huquqi deb bilamiz. Ammo bunday maxfiylik dunyo miqyosida xalqaro standart sifatida qabul qilingan deyish juda qiyin. Ba’zida maxfiylik buziladi va bu ko’pincha jurnalist yoki uning manbasi uchun jiddiy oqibatlarga olib keladi. Jurnalistlar tashkilotlari – Xalqaro Jurnalistlar Federatsiyasi, AQSh Jurnalistlarini Himoyalash Qo’mitasi va Parijda joylashgan Chegara Bilmas Muxbirlar jurnalistlarning kuchli bosimdan (manba nomlarini oshkor qilishni istagan ba’zi repressiv hukumatlardan) himoya qilinishini istagan sud jarayonlarida qatnashdilar.
Amalda, manbani sir saqlashga va’da bergan, ammo keyinchalik uning nomini oshkor qilgan jurnalistlarga kelajakda axborot manbalarining ishonchini qozonish juda qiyin bo’ladi. Axborot manbai yoki siyosiy raqib matbuotda zarar keltiruvchi yoki aybni ochuvchi bir bayonotni e’lon qilganda, amaldorlar bu ma’lumot manbaini topishga harakat qilishadi, chunki ular bu odamni jazolashni va boshqa odamlarni kelgusida bunday ma’lumotlar sezdirilishi yomon oqibatlarga olib kelishi bilan qo’rqitishni istaydilar.
Ko’pincha muammo huquqiy choralar bilan cheklanadi. Agar jurnalist noma’lum manbadan maxfiy ma’lumotlarni oladigan bo’lsa, hukumat ushbu ma’lumotning tarqalishi maxfiylik to’g’risidagi qonunlarni buzganligini da’vo qilib, ushbu manbaga qarshi sudga murojaat qilishi mumkin.
Bu savol axborot erkinligiga doir bahslarning mohiyatiga borib taqaladi. Bundan tashqari, ko’plab davlatlar jurnalistning axborot manbasini himoya qilish huquqini kafolatlamaydi va ba’zida (masalan, AQSh yoki Avstraliyada) jurnalistlar qamoqqa olinishi mumkin. Ba’zi sudlar xayrihohroqdirlar va bunday manba himoyasi orqali eng yuqori davlat manfaatlarining himoya qilinishiga ishonadilar. Masalan, Evropa sudi jurnalistlarga yordam berishi mumkin bo’lgan ba’zi qarorlarni qabul qilgan.
- Doim quyidagi narsalarga e’tibor bering:
■ Barcha manfaatdor tomonlarning fikrlarini yoritish. Agar biron bir baxsli masala chiqsa, siz “ikkala tomon bilan” gaplashishga harakat qilishingiz kerak, ammo esda tutingki, bu yetarli bo’lmasligi mumkin. Mojaroda “yarashmaydigan guruhlar” bo’ladi. Ammo rasmiy xalqaro kuzatuvchilar yoki diplomatlar, mustaqil nodavlat taraflar va mustaqil fuqarolar ham bo’ladi. Hech kim haqiqatga monopoliya yarata olmaydi, lekin eng kam manfaatdor odamning ma’lumotlari, qoida tariqasida, eng ishonchli hisoblanadi.
■ Birovga qarshi ayblov qo’yilsa, adolatli tarzda ayblanganligiga ishonch hosil qiling. Bu balanslangan ma’lumotni yoki boshqa muhim omillarni, xususan har qanday da’volarga nisbatan adolatli javob berish huquqini o’z ichiga oladi.
■ Jurnalistik ishda ochiq bo’ling. Siz jamiyatga xizmat qiladigan jurnalistsiz va qilayotgan ishlaringizda birinchi qatorda turishingiz kerak. Siz nima qilayotganingizni qanchalik aniq tushunsangiz, sizning manbalaringizdan maxfiy ma’lumotlarni olishda shuncha ko’p muvaffaqiyatga erishasiz.
■ Ziddiyatlarni keltirib chiqarishi mumkin bo’lgan manfaatlar to’qnashuvidan yoki vaziyatlardan qoching. Holis jurnalistlar o’zlarining kasblari bilan shug’ullanganda, siyosiy partiyalarda muhim lavozimlarni egallamasligi, ommaviy namoyishlarda qatnashmasligi, ular to’g’risida reportaj tayyorlayotganda yoki jamoatchilikka ularning faoliyatiga bu bog’liqliklar ta’sir qiladi deb o’ylashga imkon beradigan boshqa biron bir ish bilan shug’ullanmasliklari kerak, ayniqsa davlat ishida ishlamasliklari kerak.
■ Moliyaviy ziddiyatlardan saqlaning va biron bir maqolani paydo bo’lishi uchun nashriyot beradigan ish haqidan tashqari boshqa haq olishga yo’l qo’ymang. Voqealar tavsifiga ta’sir ko’rsatmoqchi bo’lgan manbadan to’lovni qabul qilish mutlaqo axloqiy emas. Jurnalistning shaxsiy manfaati bo’lgan kompaniya haqida ma’lumot tayyorlashga yo’l qo’yilmaydi. Biroq, ba’zida kechki ovqatda yoki, masalan, bufet ziyofatida qatnashish ma’qul bo’lishi mumkin – bu sizning biron bir voqeani maqbul yoritishni va’da qilganingizdek tushunilmasligi kerak va yoqimsiz ma’lumotlar e’lon qilinmaydi degani bo’lmasligi kerak. Xuddi shu tarzda, hech qachon ma’lumot uchun to’lov to’lamang, favqulodda holatlar bundan mustasno, bu sizning muharriringiz bilan birgalikda aniqlanishi kerak.
■ Jurnalistlar murakkab savollar berishlari kerak. Jurnalist jamiyatning xabardorlik huquqiga rioya qilish uchun ishlaydi, shuning uchun u surushtiruv natijalari uchun javobgardir. Ammo bu uning qo’pol va odobsiz bo’lishi kerak degani emas. BBC tahririyatining ko’rsatmalariga ko’ra, siz “izlovchi, shubhalanuvchi, muvozanatli va oqilona fikrlovchi” bo’lishingiz kerak, ammo “hech kimning manfaati uchun bahsning bir tomoniga qo’pol va hissiy munosabatda bo’lmaslik” kerak.
■ Odamlar o’zlarining so’zlari yoki tasvirlari qanday ishlatilishini bilishlari kerak (garchi maxfiy ishlarni bajarishda yoki surushtiruv jurnalistikasida istisnolar bo’lsa ham). Suhbatning asosiy qoidalari bo’yicha halol bo’ling va fotosu’ratlar va videolarni su’ratga olish uchun ruxsat so’rang. Bu, afsuski, harbiylar o’z qoidalarini o’rnatgan qurolli mojaroni yoritishda ayniqsa muhim bo’lishi mumkin. O’zingiz qanday fikrda bo’lsangiz ham, o’zingizning ma’lumotlar manbangizni hurmat qiling.
■ Noma’lum manbalardan ehtiyotkorlik bilan foydalaning. Ba’zan jurnalistlar o’zlarining ismlarini oshkor qilmasliklarini iltimos qilgan “Yetakchi diplomatlar” va “yuqori lavozimli amaldorlar” yoki boshqa noma’lum guvohlarning gaplaridan foydalanishlari mumkin. Ammo bu siz soxta ayblovlar qo’yishingiz yoki jurnalistlar o’zlari uchun yolg’on manbani o’ylab topishlari mumkin degani emas (sizning martabangizni tezda buzadigan yana bir noto’g’ri harakat). Agar ism ko’rsatilmagan bo’lsa, manbaning ishonchli ekanligini isbotlash uchun iloji boricha to’liq tavsif bering. Barcha holatlarda, ayniqsa sizning muharriringiz bilan ochiq bo’ling, ular sizning manbangizni maxfiy ma’lumotlarni nashr etish huquqini berishdan oldin ularni anonim bo’lgan ravishda ma’lumot berishga ko’ndirishlari mumkin.
Agar sizning ma’lumotlaringiz haqiqatga juda yaqin bo’lsa, ehtimol u rostdan ham haqiqatdir. Aqlni ishlating va har doim o’zingizdan so’rang:
■ Siz o’zingizning ma’lumotlaringizni ishonchli va axloqiy jihatdan to’g’ri yo’l bilan oldingizmi?
■ Siz aniq bo’lishi uchun qo’lingizdan kelganini qildingizmi va o’zingizning faktlaringizni tasdiqlay olasizmi?
■ Sizning qarorlaringiz nohaq ta’sir yoki xurofotdan xolimi?
■ Siz muvozanat va kontekstni, xususan, maqolangizda tanqid qilingan har qanday kishiga javob berish va ob’ektiv izohlash huquqini berdingizmi?
■ Ma’lumot olishning boshqa usuli rostdan ham yoqmi, ayniqsa noma’lum manba ma’lumotiga tayanayotgan bo’lsangiz?
■ Sizning manbalaringiz ishonchlimi va sizning materialingizda ishtirok etgan barcha tomonlarning vakillari bilan gaplashdingizmi?
■ Material qanchalik ishonchli va u mantiqiymi?
■ Va eng muhimi: siz o’zingizning materialingizni himoya qila olasizmi?
Professional jurnalist va muharrir Lola Olimovaning (Tojikiston) jurnalistikadagi xalqaro standartlar bo’yicha video-ma’ruzasi:
Ushbu bo’limda siz quyidagilarni ko’rib chiqdingiz:
■ Holislik, aniqlik va ob’ektivlikning umumiy tushunchalari.
■ Axborot manbalarini himoya qilishda jurnalistning vazifasi.
■ Axloqiy kodekslar va kasbiy faoliyatning umumiy tamoyillari.
■ Maqola yozish va voqealarini yoritish paytida qaysi narsalarni yodda tutish kerak.
1-Mashq
Politsiya sizga xayriya va ijtimoiy faoliyati bilan yaxshi nom qozongan mahalliy tadbirkorni hibsga olishlarini “mahfiy ravishda” aytmoqda. Politsiya firibgarlik va pora olish to’g’risidagi da’volarni tekshirayotganini aytmoqda. Kech bo’ldi, ammo rasmiy hujjatlar yo’q.
Siz tadbirkorga telefon qilyapsiz va u da’volarni bilishini va go’yoki ertasi kuni hibsga olinishi kutilayotganligini eshitganini tasdiqlayapti. U ayblovlar to’g’risida to’g’ridan-to’g’ri javob berishdan bosh tortmoqda. U o’zining oilasiga xabar berish uchun nashrni bir kunga kechiktirishingizni so’raydi. Agar siz maqolani nashr etishni kechiktirsangiz, u “sizga g’amxo’rlik qilishini” aytadi.
■ Axloqiy dilemma nimada?
■ Bu holatda boshqa amaliy muammolar bormi?
■ Buni kimdir bilan muhokama qilishingiz kerakmi?
■ Sizga qo’shimcha ma’lumot kerakmi?
■ Siz ma’lumotni chop etishga tayyorlashingiz kerakmi?
■ Yuqorida keltirilgan oz miqdordagi dalillarga asoslangan holda siz qanday qilib maqola yozishingiz mumkin va maqolani kengaytirish uchun yana nima kerak?
2-Mashq
Siz urush jinoyati haqida material tayyorladingiz va ushbu materialda jamoatchilik fikrini jalb qiladigan muhim ma’lumotlarni nashr qildingiz. Bu materialni tayyorlashda siz jurnalistikaning barcha klassik axloqiy qoidalariga qat’iy rioya qildingiz: manbalarga hurmat ko’rsatdingiz, yozuvlaringizni diqqat bilan saqladingiz va faqat tasdiqlashingiz mumkin bo’lgan narsalar nashr qildingiz.
Bir necha yil o’tgach, xalqaro sud sizni guvohlik berishga chaqiradi. Sizning kundalik daftarlaringiz ham sudga taqdim etilishi kerak. Sizni jurnalistning qasamyodini buzishga va o’z vaqtida jurnalist sifatida e’lon qilmagan manbalar va boshqa ma’lumotlarning nomlarini aytib berishga sud talab qilyapti.
Harbiy jinoyatlar bo’yicha ayblovni qo’llab-quvvatlash uchun sudda ishtirok etasizmi? Yoki siz hatto o’zingizni xavf ostiga qo’yib, jurnalistlar uchun axloqiy kodeksini himoya qilasizmi?
Shuningdek, jurnalistikaning a’lo darajadagi sifati bo’yicha Loyihaga murojaat qiling:
Jurnalistikaning bir nechta kodekslari ro’yxati va matnlari uchun:
http://www.asne.org/index.cfm?id
http://www.poynter.org/column.asp?id-32&aid=16997
http://www.nytco.com/pdf/NYT_Ethical_Journalism_042904.pdf